Orzu va istaklarimizning chegarasi
Inson tabiati qiziq: tinimsiz orzu-istaklar qilamiz, ularni hayotimizning oliy maqsadiga aylantiramiz.
- Uy-joy masalasi: Bir xonaga sig’ib turgan oila dastlab ikki xonali uyni orzu qiladi. Keyin tuman markazidan 3 xonali uy, so’ngra viloyat markazidan 4 xonali hovli, oxir-oqibat poytaxtdan 5 xonali hashamatli koshona… (ijtimoiy tabaqalanish).
- Avtomobil vasvasasi: Oddiy mashina olish -> yangiroq modelga almashtirish -> va nihoyat, chet el avtomobilini xarid qilish (ijtimoiy musobaqa).
- To’y va dabdaba: Xuddi amirlardek ikki kecha-yu ikki kunduz dabdabali to’y qilib, butun elga osh berish istagi.
- Va bu zanjir cheksiz davom etaveradi…
Yillar davomida tinim bilmay ishlaymiz, umrimizning eng navqiron qismini mehnatga bag’ishlab, topgan-tutganimizni ana shunday “o’sib boruvchi” ehtiyojlarga sarflaymiz.
Biriga erishganimizdan so’ng darhol ikkinchisini, unga yetgach esa uchinchisini ko’zlaymiz. Maqsadlarimizga erishish bizga faqat vaqtinchalik rohat va lazzat hissini beradi, xolos. Bu xuddi sho’r suv ichgandek gap — ichgan sari chanqoq ortib, yanada ko’prog’ini xohlayveramiz. Bu — o’ziga xos ruhiy qaramlikdir.
Asl lazzat - bu kamroq lazzatlanishda emasmi
Dunyodagi eng mazali taom – bu qorni ochganda yeyilgan oddiy non. Dunyodagi eng yumshoq to’shak – qattiq mehnatdan keyin uxlagan oddiy o’rin.
Bunday xohish-istaklarning chek-chegarasi yo’q. Umrimizni shularga sarflashga rozimizmi?
Atrofimizda hashamatli mashina, qasrdek uy va boshqa dunyo matohlari bo’lmasa ham minimal sharoitda yashab, hayotdagi asl “missiya”sini unutmasdan ham baxtli yashayotganlar bor-ku!
Biz boriga qanoat va shukr qilishni unutyapmiz.
Izohlar